Shulardan biri 14-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti Uchquduq tumani markazida joylashgan boʻlib, 6 milliard 522 million soʻm mablagʻ evaziga kapital taʼmirdan chiqarildi.
— Oʻtgan asrning 80 yillarida qurilgan mana shu bogʻchaga farzandlarimiz qatnagan, — deydi uchquduqlik mehnat faxriysi Abdulla Kerimboyev. — Bugun, mana, nabiralarimizni olib kelyapmiz. Bogʻchaning nomi — “Ertak”. Bu yerga kelib haqiqatan ham oʻzingizni ertaklar olamiga tushib qolganday his etasiz. Shart-sharoitlarni koʻrib havasingiz keladi.
Muassasa 360 oʻrinli boʻlib, uning foydalanishga topshirilishi tufayli tumanda MTTga jajjilarning qamrovi 97 foizga yetadi.

Rekonstruksiya tadbirlari natijasida mutlaqo yangi qiyofa kasb etgan DMTTning yana biri Nurota tumanining Gʻafur Gʻulom MFYda joylashgan. 13- sonli ushbu muassasada bunyokorlik ishlari uchun Investitsiya dasturi asosida 3 milliard 787 million soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. 150 oʻrinli bogʻchada keng va shinam xonalar yangi mebel jihozlari hamda oʻquv-uslubiy koʻrgazmali qurollari toʻliq taʼminlandi.
— Bugungi kunda viloyatimizdagi 3-7 yoshdagi bolalarning 80,9 foizi 1160 MTT tomonidan qamrab olingan, — deydi Navoiy viloyat maktabgacha taʼlim boshqarmasi boshligʻi Oʻtkir Tillayev. — 2017-yilda ushbu koʻrsatkich 34 foiz atrofida edi. Viloyatimizdagi MTT kadrlari salohiyatiga toʻxtaladigan boʻlsak, davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida 2017-yilda jami pedagog xodimlarning 24,2 foizini oliy maʼlumotli mutaxassislar tashkil etgan boʻlsa, joriy yilning sentyabr holatiga bu koʻrsatkich 2 yarim baravarga oshdi.
