Korrupsiya – jamiyatning iqtisodiy taraqqiyotini izdan chiqarib, adolatsizlik natijasida insonlar oʻrtasida notenglikni yuzaga keltiruvchi, ayrim mansabdor shaxslarning nohalol yoʻl orqali mablagʻ orttirib, jamiyat tanazzuliga yuz tutishiga sabab boʻluvchi, barcha mamlakatlar oldida turgan global muammo hisoblanuvchi illat sanaladi. Yurtimizda korrupsiyaning oldini olish, tag-tubi bilan yoʻq qilishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar barcha sohalarda izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Xususan, 2021-yil 06-iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda boʻlish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6257-son Farmoni, 2022-yil 12-yanvardagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-81-son, 2022-yil 11-maydagi “Davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirish va ushbu sohada jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-240-sonli qarorning qabul qilinishi, yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini kuchaytirish, bu boradagi islohotlarni jadallashtirish kabi dolzarb vazifalarni belgilab berdi.

Qolaversa, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 16-maydagi “2022-2023-yillarda jamiyatda huquqiy madaniyatini yuksaltirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 259-sonli qarori bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturining 23-bandida noyabr oyining — “Korrursiyaga qarshi kurashish oyligi” deya belgilangani, har bir sohada bu borada olib borilayotgan ishlarga keng eʼtibor qaratilishini talab etadi.

Mazkur hujjatga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirining buyrugʻi asosida shakllantirilgan ishchi guruh 1-noyabrdan 4-noyabrga qadar Navoiy viloyatida boʻlib, Navoiy viloyat qurilish boshqarmasida «Ichki audit tadbirlarini oʻtkazish va korrupsiyaviy xavf-xatarni baholash boʻyicha tekshiruvlar olib bordi. Xususan, bosh boshqarmaning Ichki audit va komplayens nazorat boʻlimi, Murojaatlar bilan ishlash boʻlimlari hamda viloyat Arxitektura va shaharsozlik ekspertizasi, Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi faoliyatida qonuniylikka amal qilingani, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar koʻzdan kechirilib, lozim tavsiya va koʻnikmalar berildi. Shuning barobarinda xodimlarning huquqiy bilimlarini oshirishga qaratilgan seminar-trening tashkil etilib, unda vazirlikning ichki audit va komplayens nazorat boʻlimi bosh mutaxassisi Baxtiyor Karabaev, Arxitektura va shaharsozlikni rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Jahongir Anvarovning maʼruzasi tinglandi, fikr va mulohazalar oʻrtaga tashlandi.Seminar davomida korrupsiya illatining keltirib chiqaruvchi sabablar, uning oqibatlari, qonunchilikda bu boʻyicha belgilangan yangi normalar, qonun loyihasidagi yangi moddalar haqida soʻz yuritildi, seminar ishtirokchilari oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar. Bir soʻz bilan aytganda, korrupsiya murosa qilib boʻlmas jinoyatdir. Uni tag-tomiri bilan sugʻirib tashlash yoʻlida olib borilayotgan islohotlar xalqimizning ertangi faravon va tinch kuni, kelajagi uchun xizmat qilish, yurtimizda adolat va tenglik, qonunga itoat etish va uni hurmat qilish kabi jihatlarni shakllantirayotgani bilan ahamiyatlidir.

