Qonunchilikdagi yangiliklar:
Zilzilabardoshlik bo‘yicha ilmiy xulosalar beriladi
Hukumat qarori bilan seysmik faol zonalarda quriladigan obyektlarga ilmiy xulosalar beriladi. Loyiha-smeta hujjatlari zilzilabardoshlik bo‘yicha xulosa va ekspertizadan o‘tkazish uchun FAga yo‘naltiriladi. Shundan so‘ng, 3 oygacha tajriba-sinov natijalari asosida ilmiy xulosa qabul qilinadi.
Hukumat qarori bilan 15 oktyabr kuni «Respublikaning seysmik faol zonalarida qurilishi rejalashtirilayotgan xavflilik omili IV toifaga mansub bo‘lgan bino va inshootlarga zilzilabardoshlik bo‘yicha ilmiy xulosalar berish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Nizomga ko‘ra, loyiha-smeta hujjatlari tayyorlangandan keyin ular xavflilik omili IV toifaga mansub obyektlar (eng yuqori xavflilik omiliga ega bo‘lgan obyektlar)ga zilzilabardoshlik bo‘yicha ilmiy xulosalar olish hamda ekspertizadan o‘tkazish uchun buyurtmachi tashkilotlar tomonidan Qurilish vazirligiga taqdim etiladi.
Shundan so‘ng, quyidagi muddatlarda xulosa beriladi:
•loyiha-smeta hujjatlari uch kun muddatda zilzilabardoshlik bo‘yicha ilmiy xulosalar olish uchun Fanlar akademiyasiga yo‘naltiriladi;
•hujjatlar yo‘naltirilgandan so‘ng bir kun muddatda buyurtmachi tashkilotlar Fanlar akademiyasiga buyurtmanoma taqdim etadi;
•Fanlar akademiyasi o‘n ish kuni davomida buyurtmachilar bilan shartnoma rasmiylashtiradi hamda nazariy va amaliy tajriba sinovidan o‘tkazish ishlarini tashkil etadi;
•Fanlar akademiyasi bir oydan uch oygacha bo‘lgan muddatda ilmiy tajriba-sinov natijalari asosida ilmiy xulosa qabul qiladi;
FA ilmiy xulosa qabul qilgandan keyin uch ish kuni davomida zilzilabardoshlik bo‘yicha ilmiy xulosaning nusxasini buyurtmachiga yetkazadi. Shartnoma shartlari to‘liq bajarilganda xulosaning asli va taqdim etilgan hujjatlar buyurtmachiga beriladi.
