Navoiy viloyati Zarafshon shahridagi Alisher Navoiy mahallasida “Obod mahalla” Davlat dasturi doirasida umumiy loyiha qiymati 2,9 milliard so‘m bo‘lgan 150 o‘rinli maktabgacha taʼlim tashkiloti foydalanishga topshirildi.
Sektor rahbarlari, nuroniylar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbirda yurtimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan ishlar, yosh avlodni voyaga yetkazish va ular uchun yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar haqida so‘z bordi. “TRIUMVERAT” MCHJ tomonidan bunyod etilgan mazkur maktabgacha taʼlim tashkilotida 30 nafar “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da turgan xotin-qizlar, yosh mutaxassis bitiruvchilarning bandligi taʼminlandi.

Tadbirda quruvchilarga milliy to‘nlar kiydirilib, bolajonlarga sovg‘alar ulashildi.
Bugungi kunda shaharda 3-7 yoshli bolalar soni 7255 nafarni tashkil etib, 20 ta davlat, 18 ta nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyat yuritmoqda. Bolajonlarning 97,7 foizi maktabgacha taʼlimga qamrab olingan bo‘lib, yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkich 100 foizga yetkazilishi rejalashtirilgan.
