Navoiy shahrida yangi tashkil etilgan Guliston-3 massivida bunyodkorlik ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. Qisqa vaqt oralig‘ida qad rostlagan inshootlar, keng va ravon yo‘llar, ko‘p qavatli turar-joy binolari, ijtimoiy soha obyektlari o‘ziga xos uslubda, zamonaviy ko‘rinishi bilan ko‘zni quvnatadi. Shuningdek massivda qurilish ishlari davom etayotgan inshootlar ko‘p. Yangidan qad rostlayotgan oilaviy poliklinika, tug‘ruqxona kompleksi ularning safida tibbiyot birlashmasiga qarashli davolash bo‘limida qurilish ishlari qizg‘in olib borilmoqda. Xorijiy tibbiyot muassasalarining ilg‘or tajribasi, shifokor va bemorlar uchun barcha sharoitlarni hisobga olib ishlab chiqilgan Davolash bo‘limining loyiha qiymati 26 milliard so‘mni tashkil etadi. Yangi bino to‘rt qavatdan iborat bo‘lib, bunyodkorlik ishlari xalqaro standartlar asosida sifatli olib borilmoqda. «MINOR MILLENIUM» MCHJ quruvchilari tomonidan tiklanayotgan mazkur inshootda ayni chog‘da ish qizg‘in. Mohir muhandis, 23 yoshli Kamol O‘ralov yangi qurilayotgan ko‘p qavatli davolash bo‘limining qurilish jarayonlarini boshqarib bormoqda.
— Bino qurilishida biror bir xatoga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, — deya taʼkidlaydi u. –Ziyraklik bilan har bir jarayonni ko‘zdan kechirib bormoqdamiz. Yer qazish ishlari o‘tgan yili may oyida boshlangan bo‘lib, loyihaga ko‘ra, bino joriy yil iyun oyida tayyor holga keltirilib, foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan. Ayni choqda inshootda pardozlash ishlari olib borilmoqda. 110 o‘rinli, 4 qavatli inshootning yerto‘la qismi ham mavjud. Xonalar soni 300 tani tashkil etadi. Har bir xonada alohida ventilatsiya tizimi tashkil etilgan bo‘lib, qishda isitish, yozda sovutishni taʼminlab beradi. Imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun barcha sharoitlar ko‘rilgan, har bir zinada panduslar o‘rnatilgan. Binoda 4 ta lift o‘rnatildi, bittasi yuk lifti hisoblanadi. Obyektda 100 dan ziyod ustalar ish olib bormoqda, ularning barchasi mahalliy ishchilardir. Shuningdek, ishlatilayotgan qurilish mahsulotlarining 80 foizi mahalliy ishlab chiqaruvchilar hissasiga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari shu hududdagi tug‘ruqxona kopleksi, poliklinika binosi kabi ko‘plab davlat obyektlarida konstruksiya, restovratsiya ishlarini bajarmoqdamiz. Bu yerni ham aholi kirib foydalanadigan darajaga yetkazib, tibbiy asbob-uskuna, jihozlarni o‘rnatib bo‘lgachgina foydalanishga topshiramiz, — deydi u.
Navoiy shahrida yangicha ko‘rinishga kirgan yana bir hashamatli bino viloyat arxividir. Bino zamonaviy talablarga mos ravishda rekonstruksiya qilinib unda zamonaviy ko‘rinish bilan bir qatorda foydalanuvchilar uchun qulayliklar yaratilmoqda. Mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan qariyb 2 ,5 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ evaziga qayta rekonstruksiya ishlari olib borilayotgan davlat arxivi binosining mustahkamligi taʼminlanmoqda. Hujjat saqlov xonalarining har biriga temir eshiklar, yong‘inga qarshi bildirgichlar, qo‘riqlash bildirgichlari o‘rnatilib, pol qismlariga marmar toshlar yotqizildi. Bugungi kunda zamonaviy talablarga mos ravishda taʼmirlandi.
Bosh boshqarma matbuot xizmati
